Jamoatchilik kengashi yig‘ilishi: 2025-yil yakunlari va 2026-yil uchun ustuvor vazifalar
2025-yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga Qo‘mita raisi H.Turaxujayev, jamoatchilik kengashi a’zolari hamda soha vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda Qo‘mita raisi tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil hisobot berildi. Xususan, yil davomida 14 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan, project.gov.uz portali orqali kelib tushgan 878 ta hujjat loyihasining raqobat muhitiga ta’siri baholangan. Insofsiz raqobat, til biriktirishlar va kartel kelishuvlariga qarshi choralar ko‘rilib, qonunbuzilish holatlari aniqlangan va tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida 53 mingdan ortiq murojaat ko‘rib chiqilib, 46 mlrd so‘mga yaqin zarar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Shuningdek, mahsulot sifati va reklama sohasida keng ko‘lamli monitoring ishlari olib borildi.
Muhokamalar davomida onlayn savdolarda mahsulot almashtirishda yuzaga kelayotgan muammolar, tadbirkorlar va sotuvchilar hamda iste’molchilarning huquqiy madaniyatini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Jamoatchilik kengashi 2025-yil IV chorak yakunlarini ham ko‘rib chiqib, mazkur davrda amalga oshirilgan ishlar samarali ekani qayd etildi. Kengash a’zolari tomonidan sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida 2026-yilda qonunchilikni takomillashtirish, monopoliyaga qarshi kurashni kuchaytirish, bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash hamda iste’molchilar murojaatlarini tez va samarali hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
👉 Asosiy maqsad — tadbirkorlar uchun teng shart-sharoit yaratish, bozorda adolatli raqobatni ta’minlash va fuqarolar manfaatlarini ishonchli himoya qilish.








