Fuqaro auksionda sotib olgan xonadonidan keyinchalik millionlab qarzdorlik bo‘lsa, uning huquqlari qanday ta’minlanadi? Raqobat qo‘mitasi Sirdaryo viloyatidagi 11 mln so‘mdan ziyod gaz qarzdorligi kelib chiqqani bo‘yicha iste’molchi manfaatlarini himoya qildi
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro B.J. auksion orqali xonadon sotib olganidan so‘ng, mazkur xonadonning tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha 11 mln so‘mdan ziyod qarzdorligi mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Hududiy boshqarma tomonidan murojaat o‘rganilganda, xonadon TIF «Milliy Bank» AJ Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan auksion orqali sotilgani, biroq xonadonning avvalgi davrda foydalanilgan tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorligi AJ tomonidan bartaraf etilmagani aniqlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6313-sonli Farmoniga muvofiq, elektron onlayn auksionda sotilgan mol-mulk auksion g‘olibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshirilishi lozim. Bunda, mol-mulkni sotishdan tushgan mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda, qarzdorlikni to‘lash majburiyati uning sobiq egasi — qarzdor zimmasida qoladi.
Shuningdek, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga ko‘ra, ijrochi xizmatlarni belgilangan muddat, hajm va sifatda ko‘rsatishi shart.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida TIF «Milliy Bank» AJ Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan auksion orqali sotilgan xonadonning 11 mln so‘mdan ziyod tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorligi bartaraf etilishi ta’minlandi.








