Raqobat qo‘mitasi tomonidan aniqlangan 399,3 mlrd so‘m miqdoridagi ortiqcha mablag‘lar 11,7 mln nafar iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi
Raqobat qo‘mitasiga 2023-yildan 2026-yilning 7 oyiga qadar bo‘lgan davrda iste’molchilardan uy-joy kommunal va transport xizmatlari, aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar va reklama munosabatlari masalalari yuzasidan jami 137 785 ta murojaat kelib tushgan.
Xususan, yillar kesimida:
➡️ 2023-yil 20 691 ta;
➡️ 2024-yil 30 070 ta;
➡️ 2025-yil 53 670 ta;
➡️ 2026-yilning 7 oyi davomida 33 354 ta murojaatlar qayd etilgan.
Mazkur murojaatlarning 68 326 tasi uy-joy kommunal va transport, 39 397 tasi savdo va umumiy ovqatlanish hamda 25 965 tasi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, yuqoridagi raqamlar o‘tgan yillar kesimi dinamikasi 45-78 foizgacha ko‘payganini ko‘rsatmoqda.
Murojaatlarning ortib borishi nafaqat muammolar ko‘lami, balki Qo‘mitada iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining amalda samarali ishlayotgani va aholining qo‘mitaga nisbatan ishonchi va faolligi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi yangi bosqichga ko‘tarildi
Xususan, Qo‘mita tomonidan «Iste’molchi murojaati» elektron platformasi orqali qulay va tezkor murojaat yuborish uchun imkoniyatlari yaratildi.
Masalan, o‘tgan uch yarim yildan ortiq davr mobaynida tushgan murojaatlardan 116 105 tasi ya’ni 86,7 foizi ijobiy hal etildi, ularning 73 foizi qanoatlantirildi, 25 foizi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilib, 2 foizi vakolatli organlarga yuborilgan.
Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini ham himoya qilish maqsadida kommunal, tibbiyot va farmatsevtika, savdo va maishiy xizmat, telekommunikatsiya, sug‘urta hamda moliyaviy xizmatlar kabi 20dan ortiq yo‘nalishlarda olib borilgan o‘rganishlarda yuzaga kelgan kamchiliklar bartaraf etildi, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan bir qator subyektlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanildi.
Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 11,7 mln nafar iste’molchidan ortiqcha olingan jami 399,3 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.








