Qo‘mita qaror va ko‘rsatmasining qonuniyligi sud tomonidan tasdiqlandi
Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan hududda faoliyat yuritayotgan bank muassasalari faoliyati bo‘yicha reklama axborotlarining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida AJ “Infinbank” Qashqadaryo viloyati filialiga tegishli bank binosining tom qismida bank nomi yozilgan katta hajmdagi harfli tashqi reklama obyekti, binoning old qismida bank nomi va xizmat turlari aks etgan «bilbord» shaklidagi tashqi reklama hamda I.Karimov ko‘chasida bank binosiga qarshi tomonda, yo‘l chetida AJ “Infinbank” logotipi aks ettirilgan “stela” turdagi tashqi reklama o‘rnatilgani aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan AJ “Infinbank” Qashqadaryo viloyati filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Biroq, AJ “Infinbank” ushbu qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, sud instansiyasi tartibida murojaat qildi, ish yakunida sud da’voni qanoatlantirilmasdan hududiy boshqarmaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirdi.








