Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi va ularning bir guruhiga davlat mukofotlarini topshiradi
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi ilk uchrashuvi 2021-yil 20-avgustida o‘tkazilgan edi. O‘sha uchrashuvda davlatimiz rahbari bunday tadbirni har yili o‘tkazish va 20-avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif qilgandi.
Shundan buyon uchrashuvlar an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgani, ularda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan masalalar muhokama qilinayotgani va ular bilan maslahatlashgan holda qarorlar qabul qilinayotgani Prezidentimizning tadbirkorlik sohasiga qaratayotgan alohida e’tiborning yorqin ifodasi bo‘lib kelmoqda.
Shu kungacha ochiq muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan 1 mingga yaqin taklif va tashabbuslar qonun va qarorlarda o‘z aksini topdi. Bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. “Koll-markaz” orqali 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushdi.
Bugungi uchrashuvda davlatimiz rahbari ushbu murojaatlarni o‘rganish asosida ishlab chiqilgan hamda tadbirkorlik faoliyatiga yanada ko‘p qulaylik yaratishga qaratilgan yangi yechimlarni ilgari surishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishadi. (https://t.me/Press_Secretary_Uz/6112)