O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida faoliyat olib borayotgan “Kumush kuz fayzi” MCHJning murojaati kelib tushgan.
Mazkur murojaatda “Kumush kuz fayzi” MCHJning o‘z ehtiyojiga parrandalarga ozuqa uchun Rossiyadan temir yo‘l orqali “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xizmatida foydalangan holda “Omuxta yem” (GNG kodi 23099096) olib kelganligini, biroq yuklarni rasmiylashtirish jarayonida temir yo‘lda yuklarni tashish xizmatlari uchun to‘lovlarni hisoblashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15 noyabrdagi PQ-4015-sonli qaroriga asosan imtiyozlar to‘liq qo‘llanilmaganligi oqibatda temir yo‘l tashish xarajatlari to‘liq to‘lab berilmaganligi, ya’ni Toshkent temir yo‘l stansiyasidan Yakkabog‘ temir yo‘l stansiyasiga qadar tashish xarajatlari uchun imtiyoz qo‘llanilmaganligi bildirib, ushbu imtiyozlarni qo‘llanilishida amaliy yordam berishni so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Qo‘mitaning topshirig‘i asosida murojaat “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJdan so‘rov yo‘li bilan olingan ma’lumotlari asosida hamkorlikda o‘rganib chiqildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlash, temir yo‘l transportida yuk tashishda qulayliklar yaratish maqsadida “Kumush kuz fayzi” MCHJ tomonidan import shartnomasi o‘zgargan Toshkent stansiyasidan Yakkabog‘ stansiyasiga yuk tashishda tashish tariflariga 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llanilishi masalasida ijobiy to‘xtamga kelindi. Shunga asosan “Kumush kuz fayzi” MCHJ tomonidan barcha hujjatlar bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning «O‘ztemiryo‘lhisob» markaziga murojaat qilindi va markaz tomonidan 29 267 963 so‘m mablag‘ni tadbirkorlik subyekti foydasiga qayta hisob qilib qaytarilishi ta’minlandi.
Bu bilan xalqimizni parranda go‘shti va tuxum bilan ta’minlab kelayotgan tadbirkorning mahsulot ishlab chiqarish tannarxini kamayishiga, mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘payishiga, pirovard natija mahsulotning narxini arzonlashishiga yanada imkoniyat yaratildi.