Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi yog‘-moy korxonalari tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlarni sun’iy oshishini oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda.
Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “FOREVER SERVICE” va “KARMANA MOY INVEST” MChJlarning paxta yog‘i, paxta shroti va paxta sheluxasi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotish faoliyati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, “FOREVER SERVICE” MChJ tomonidan jami 2 mlrd so‘mdan ortiq jumladan, 101,52 tonna paxta yog‘i, 191 tonna paxta shroti va 126,2 tonna paxta sheluxasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilishi natijasida, yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda jami 55 mln so‘mdan ortiq tafovut (farq) holatlari aniqlandi.
Shuningdek, “KARMANA MOY INVEST” MChJ tomonidan esa jami 1,1 mlrd so‘mdan ortiq jumladan, 8 holatda 163,7 tonna paxta sheluxasi va 6 holatda 148,7 tonna paxta shroti to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilishi natijasida, yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda jami 54 mln so‘mdan ortiq tafovut (farq) holatlari ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq,v Navoiy iloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan yog‘-moy korxonalariga (“FOREVER SERVICE”MChJ, “KARMANA MOY INVEST” MChJ) nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-430-sonli qaroriga asosan monopol bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan paxta texnik chigiti, paxta moyi (shu jumladan, ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) mahsulotlarini ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi belgilangan.