Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi tizim tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda sohaga oid boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosi yuzasidan joriy yilning mart-iyul oylarida o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganishlar natijasida mazkur boshqarmaning tizim tashkilotlari: Boyovut, Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos va Guliston tumanlarida joylashgan unitar korxonalari tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 37 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 67 ta xaridlarda O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlar talablari buzilganligi holatlari aniqlandi.
Jumladan ushbu o‘tkazilgan davlat xaridlarida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan dastlabki malaka tanlovi, xarid qilish tartib-taomili, tanlashni o‘tkazish talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir etilgan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan Sirdaryo viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi tizim tashkilotlariga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.