Ijtimoiy tarmoq orqali savdo do‘konlaridan birida sotilayotgan “Ermak” savdo belgisi ostidagi pista mahsulotlarining sifatsizligi yuzasidan murojaat qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Fuqaro “ZAFARXON” MChJga tegishli pista mahsuloti donalarining aksariyati puch chiqqani va me’yordan ortiq qovurilganligidan mazasi taxir bo‘lib, iste’mol qilishning imkoni bo‘lmaganiga e’tiroz bildirgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra,iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi, tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi, buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega.
Shuningdek, 12-moddasiga muvofiq, iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Murojaatni o‘rganish jarayonida ishlab chiqarilayotgan quvurilgan tuzli kungaboqar pista mahsulotlarining sanitariya-epidemiologik xulosasi va muvofiqlik sertifikati bilan tanishildi. Shuningdek, pistani qadoqlashga tayyorlash va qadoqlashda qo‘llaniladigan o‘lchov vositalari, asbob-uskunalar davlat qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazilgani haqidagi hujjat ko‘rib chiqildi. Asosiysi, mahsulotlarning sifati monitoring qilindi va degustatsiya o‘tkazildi. Olingan natijalarga ko‘ra, mahsulot sifatiga, raqobatbardoshligiga yana-da ko‘proq e’tibor berish maqsadida korxona rahbariyati tomonidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Fuqaroning iste’molga yaroqsiz pista mahsuloti o‘rniga sifatlisi almashtirib berilishi ta’minlandi.