Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning o‘tgan vaqti davomida tabiiy monopoliyalarni tartibga solish sohasida amalga oshirilgan ishlar.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshiriqlari asosida tabiiy monopoliya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlarini joriy etish, raqobatni rivojlantirish hamda erkin bozor tamoyillarini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Yuqoridagilar ijrosidan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida monopol korxonalar, ish va xizmatlar soni so‘nggi uch yilda 140 ta korxonadan 78 taga ya’ni 44 foizga qisqarib, ushbu sohalarda erkin bozor tamoyillari ta’minlandi.
Hozirgi kunda Qo‘mita tomonidan 78 ta korxona 10 turdagi tovarlar, ish va xizmatlar bo‘yicha tabiiy monopoliya subyekti sifatida e’tirof etilgan.
Tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatini nazorat qilish, tartibga solinadigan narx va tariflarning asosli qo‘llanilishini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlar va iste’molchilarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan,
“Hududgazta’minot” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan shartnoma loyihalari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlariga sabab bo‘ladigan normalarni chiqarib tashlash yuzasidan e’tirozlar hamda iste’molchilar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan takliflar berildi;
elektr energiyasi sohasida qarzdorlik sababli tarmoqdan ajratilgan tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasiga qayta ulashda asossiz to‘lovlar undirilganligi bilan bog‘liq tizimli muammolar o‘rganildi.
Shuningdek, tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bartaraf etish maqsadida yuridik shaxslarning huquqlarini tiklash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Misol uchun:
– “Universal Mobile Systems” mas’uliyati cheklangan jamiyati (Mobiuz)ning murojaati bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning “Energosavdo” filialiga berilgan ko‘rsatma asosida tadbirkorlik subyekti foydasiga 1,1 mlrd so‘mni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirildi.
– “Vodiy Sof Qog‘ozi” mas’uliyati cheklangan jamiyatning murojaati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida tadbirkorga asossiz hisoblangan 340,8 mln so‘m qarzdorlik “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining elektron tizimidan hisobdan chiqarilishi ta’minlandi;
– Qo‘mitaga taqdim etilgan ma’lumotlar asosida elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan tadbirkorlik subyektlarini qayta ulash uchun 965 ta holatda jami 5,5 mlrd so‘m miqdorida to‘lovlar asossiz undirilganligi alomatlari bo‘yicha tegishli tashkilot va uning tarkibidagi korxonalarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, bugungi kunda Maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, vazirlik va idoralardan kelib tushgan 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat loyihalari o‘rganilib, ular yuzasidan ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish, sohada raqobat muhitini yaratish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tegishli takliflar berildi.
Shu bilan bir qatorda tabiiy monopoliya xizmatlari sohasiga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda loyiha tegishli Instansiyalarga kiritildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.







