Ayrim mobil aloqa operatorlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun narxlarning yaqin kunlarda oshirilishi kutilayotgani e’lon qilingan.
Bu esa o‘z navbatida iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, tarif rejaga kiritilgan Internet trafikning oshirilishiga qaramasdan, aloqa sifatining kafolatli darajasi ta’minlanmayotgani natijasida, taqdim etilgan trafikning to‘liq ishlatish imkoniyati mavjud emasligi, va ishlatilmagan Internet trafik keyingi oyga o‘tmasligi, tariflarning oshishi internet trafikning oshishiga nomutanosib ekanligi qayd etilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan mobil aloqa operatorlarini narxlarni oshirilishi asosliligini o‘rganish boshlandi.
O‘rganish natijalarida operatorlar tomonidan raqobatga zid hamda iste’molchilar huquqlarini kamsituvchi harakatlar aniqlangan taqdirda o‘rnatilgan tartibda tekshirish o‘tkaziladi va ushbu holatlar tasdiqlanganda amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilinadi.
O‘z o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki,-2025-yil va-2026-yil 9 oyi davrida Raqobat qo‘mitasi tomonidan raqobat va iste’molchilar manfaatini ta’minlash maqsadida bir qator ko‘rsatmalar yuborilgan va ijrosi ta’minlangan. Xususan,
➡️ Beelineda oylik abonent to‘lovini yechish uchun hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, avtomatik ravishda kunlik tarif rejasiga iste’molchilarni ogohlantirmasdan o‘tish amaliyoti bekor qilindi va ushbu xizmatlarni boshqarish imkoniyatlari yaratildi.
Shu kabi, davlat organlarining 100 dan ortiq qisqa raqamli ishonch telefonlariga chiqish qo‘ng‘iroqlari uchun Beeline tomonidan undirib kelinayotgan to‘lovlar bepul qilindi.
➡️ Mobiuz tomonidan ayrim tarif rejasiga o‘tish bilan bog‘liq texnik cheklovlar bartaraf qilindi va iste’molchilarga tarif shartlari bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar aks ettirilishi ta’minlandi.
➡️ Ucell tomonidan uyali aloqa xizmatlarini taqdim etishga doir ommaviy ofertasi qayta ko‘rib chiqilib, unda moddiy va ma’naviy zarar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi talablar kiritilishi ta’minlandi.








