Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi https://t.me/nemolchiuz kanalida aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva tomonidan ijro etilgan “Inbazar” savdo markazi reklama lavhasi yuzasidan 2023-yil 21-iyul kuni bildirilgan e’tirozlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada – jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish;
milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Shunday ekan, reklama va axborot vositalaridan foydalangan holda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qo‘mita tomonidan ushbu reklama bartaraf etilib, video rolik namoyishi to‘xtatilgan. Shuningdek, aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva bilan o‘tkazilgan suhbat davomida ushbu video rolikni namoyish qilishda xotin-qizlarni kamsitish maqsadi bo‘lmaganligi ta’kidlangan.
O‘z navbatida, aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva tomonidan reklama lavhalarida tayyorlashda shaxslarni, shu jumladan xotin-qizlarni kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish ishlari olib borilgan.