Ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan Click umummilliy to‘lov tashkiloti Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 16-17-moddalariga asosan agar xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud ulardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa, shuningdek bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinadi.
Bugungi kun holatiga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Click umummilliy to‘lov tashkiloti Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashishi bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish yuzasidan murojaat kelib tushmagan.
Shuningdek, dastlabki o‘rganishlar jarayonida Click umummilliy to‘lov tashkiloti Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashishi to‘g‘risida rasmiy ravishda bitim tuzilmaganligi hamda joriy yilning 13-iyun holatiga Click umummilliy to‘lov tashkiloti ta’sischilari ro‘yxatiga o‘zgarishlar kiritilmaganligi ma’lum bo‘ldi.