2024-yil 14-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi delegatsiyasi o‘zining Germaniyadagi tashriflarini yakunladi. So‘nggi uchrashuv Myunxen shahrida, Maks Plank jamiyatining Innovatsiyalar va raqobat instituti ijrochi direktori professor Yozef Dreksl bilan bo‘lib o‘tdi.
Maks Plank Jamiyati tarkibida 80 dan ortiq ilmiy institutlar va tadqiqot markazlari mavjud bo‘lib Innovatsiyalar va raqobat instituti ham shulardan biridir. Maks Plank jamiyatining 31 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari jamiyatning ilmiy a’zolari sifatida tan olingan. Maks Plank jamiyatining Innovatsiyalar va raqobat instituti dunyodagi yetakchi ilmiy markazlardan biri bo‘lib, innovatsiyalar va raqobat sohasidagi tadqiqotlari bilan tanilgan.
Uchrashuv davomida, delegatsiya institutning tovar, moliya va raqamli bozorlarni tahlil qilish hamda innovasion yondashuvlarni ishlab chiqishdagi tajribalarini o‘rgandi. Shu bilan birga Raqobat qo‘mitasi xodimlarining malakasini oshirish uchun o‘quv seminarlari, magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha o‘qish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, professor Dreksl Raqobat qo‘mitasi kutubxonasi uchun ilk nusxadagi yangi ilmiy tadqiqot kitoblarini sovg‘a qildi.
Mazkur tashrif Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilm-fan va raqobat sohasidagi hamkorlikning mustahkamlanishiga yordam berdi.