O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqaraga tashrif davomida joriy yil 28-maydagi saylovda Turkiya Respublikasi Prezidenti etib qayta saylangan Rejep Tayyip Erdog‘anning inauguratsiya marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda dunyoning 80 ga yaqin mamlakatlari vakillari – davlat va hukumat rahbarlari, parlament spikerlari, yuqori darajadagi rasmiy shaxslar hamda Turkiy davlatlar tashkiloti, Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar rahbarlari qatnashdi.
Marosim chog‘ida Prezidentimiz Turkiya yetakchisini saylovdagi g‘alabasi bilan yana bir bor qutlab, lavozimga kirishgani bilan tabrikladi, Turkiya xalqiga katta muvaffaqiyatlar va farovonlik tiladi.
Tadbir doirasida davlatimiz rahbari marosimga taklif etilgan mamlakatlar yetakchilari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan fikr almashdi.
Shu bilan Anqaraga tashrif dasturi yakuniga yetdi, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.