O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali muloqotda uni Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.
Saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari do‘st Misr xalqi amaldagi davlat rahbarining siyosati va islohotlar dasturini keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
O‘zbekiston-Misr keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yil fevral oyida Qohiraga oliy darajali tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot va almashinuvlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi, geologiya, suv ta’minoti, transport, logistika, kimyo sanoati va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari boshlandi.
Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazish kelishib olindi.
Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.