QO‘MITA QARORINING QONUNIYLIGI SUD TOMONIDAN YANA BIR BOR TASDIQLANDI
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “NIKA PHARM” MChJ faoliyati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilib, jamiyatning Instagram ijtimoiy tarmog‘ida “Renoksil Formula” dori vositasiga oid reklama materiallari joylashtirilganligi aniqlangan.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mazkur reklama materiallarida Amir Temur, Alisher Navoiy, Abu Ali ibn Sino, Yuliy Sezar, Jorj Vashington va Napoleon Bonapart kabi tarixiy shaxslarning obrazlaridan tijoriy maqsadlarda, ya’ni dori vositasini targ‘ib qilish uchun foydalanilganligi ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan, Qo‘mita Maxsus komissiyasi “NIKA PHARM” MChJ “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi talablari buzilganligi e’tirof etilib, tegishli qaror va ko‘rsatma qabul qilingan edi.
Biroq, “NIKA PHARM” MChJ Qo‘mita Maxsus komissiyasining ushbu qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, sudga murojaat qilishiga qaramasdan sudda ham shikoyat qanoatlantirilmasdan Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirildi.
#Sud_amaliyoti








