NUQSONLI TOVARNI ALMASHTIRISH VA QO‘SHIMCHA TEKSHIRISH TARTIBINI BELGILASHGA OID QONUN LOYIHASI QABUL QILINDI VA SENATGA YUBORILDI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF–111-son Farmoni bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ning 1-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, ayniqsa nuqsonli tovarlarni almashtirish jarayonidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Amaldagi qonunchilikda nuqsonli tovarni almashtirish va uni qo‘shimcha tekshirish bilan bog‘liq ayrim tartib-taomillar aniq belgilanmagani sababli, amaliyotda tovarni almashtirishning 7 kungacha asossiz cho‘zilishi iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.
Xususan, Raqobat qo‘mitasiga 2025-yilning o‘zida iste’molchilardan jami 53 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 23 foizi aynan savdo sohasiga, xususan 6 mingga yaqini nuqsonli mahsulotlar masalasida bo‘lib, 25 foizi elektron tijorat orqali sotib olingan tovarlarga taalluqli.
Yangi loyihaga ko‘ra, amaldagi Qonunga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:
— iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga yoki tarkibiga doir kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, agar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi)da aynan shu markali (modelli, artikulli) sog‘lom tovar mavjud bo‘lsa, uni darhol almashtirib berishi shart qilib belgilanmoqda. Bu amaldagi “7 kun” bahonasining suiiste’molini bartaraf etadi;
— nuqsonli tovar sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirish faqat kamchiliklar iste’molchi tomonidan foydalanish qoidalarining buzilishi, uchinchi shaxslar harakati yoki tovar realizatsiya qilingandan keyin saqlash natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan holatlardagina o‘tkaziladi;
— iste’molchining ishtirok etish huquqi. Iste’molchi shaxsan yoki o‘z vakili orqali tovar nuqsonining kelib chiqish sababini tekshirishda ishtirok etish, tekshiruv vaqti va joyi haqida oldindan xabardor qilinish, shuningdek, o‘z mablag‘lari hisobidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi;
— tekshirish xarajatlarini qoplash tartibi. Mahsulot sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirish xarajatlari, qoidaga ko‘ra, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qoplanadi. Biroq, tekshirish natijasida tovarda nuqson mavjud emasligi yoki nuqson iste’molchining o‘zi tomonidan qoidalarni buzishi, uchinchi shaxslar harakati oqibatida kelib chiqqani aniqlansa, xarajatlar iste’molchi zimmasiga yuklatiladi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Ushbu Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida aholining iste’molchi sifatidagi huquqlari mustahkamlanadi, sotuvchi tomonidan aynan qanday holatlarda tovar sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirish o‘tkazilishi aniq belgilanadi, shuningdek, tovarni almashtirish muddatining asossiz ravishda cho‘zilishining oldi olinadi.







