Raqobat qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kommunal, reklama va ijtimoiy xizmatlar sohasida kelib tushgan murojaatlar o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida:
📍 Samarqand viloyati Dorixonada asossiz olingan 15 mln 800 ming so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilarga qaytariladigan bo‘ldi
Hududiy boshqarma tomonidan Raqobat qo‘mitasining “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali 2025-yil boshidan bugungi kungacha 47 ta dorixonalar o‘rganilgan bo‘lib, ulardan 35 tasiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Xususan, o‘rganishlarda “Jannat shifo” MCHJ 2025-yil 1-yanvardan 2025-yil 1-dekabriga qadar bo‘lgan davrda jami 15 432 ta holatda dori vositalarini sotishda belgilangan cheklangan savdo ustamalariga rioya etmagani aniqlandi.
Natijada hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra “Jannat shifo” MCHJ tomonidan belgilangan ustamalarni oshirib qo‘llanilishi natijasida 15 mln 800 ming so‘mga yaqin miqdorida asossiz olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
📍 Qoraqalpog‘iston Respublikasi Gaz qarzdorligi hisobida aniqlangan qonunbuzarlik masalasi hal etildi
Qo‘mitaga Nukus shahrida yashovchi fuqaro M.A. murojaat qilib, gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 147 mln so‘mga yaqin asossiz qarzdorlik hisoblanganiga e’tiroz bildirgan.
O‘rganishlarda hisob-kitoblar amaldagi qoidalarga zid ravishda ya’ni oxirgi ko‘rik orqali 2025-yil iyul oyidan boshlab hisoblanmay, o‘tgan 3-yil uchun hisob-kitob qilingani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita maxsus komissiyasi “Hududgazta’minot” AJ va “Hududgaz Qoraqalpog‘iston” filiali tomonidan qonun talablari buzilgani aniqlandi hamda tegishli qaror qabul qilinib, ko‘rsatma berildi.
O‘rganish natijalari bilan belgilangan 99 mln 120 ming so‘mga yaqin miqdordagi qarzdorlik asossiz deb topildi, fuqaroning foydalangan gazga qarzdorligi esa 47 mln 390 ming so‘mga yaqin ekani aniqlandi. Yuqoridagilarga ko‘ra, gaz ta’minoti tashkilotiga qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
📍 Navoiy viloyati Ruxsatnomasiz o‘rnatilgan reklama vositasi bo‘yicha chora ko‘rildi
Hududiy boshqarma tomonidan hududdagi tashqi reklama va targ‘ibot vositalarining qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan monitoring ishlari olib borildi.
O‘rganishlarda Navoiy shahrida “SHEDEVR NAVOIY” MCHJ obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun mo‘ljallangan yer maydoniga tashqi reklama vositasini hech qanday ruxsatnomalarsiz o‘rnatgani aniqlandi. Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunining 25-26-moddalari talablari buzilgan deb topilib, korxonaga aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Biroq, “SHEDEVR NAVOIY” MCHJ ushbu ko‘rsatmaga norozi bo‘lib, ma’muriy sudga murojaat qildi. Sud ishni ko‘rib chiqib, birinchi va apellyatsiya instansiyalarida ham korxona da’vosi qanoatlantirilmadi. Natijada, hududiy boshqarmaning bergan ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirildi.








