Raqobat qo‘mitasiga savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish korxonalari va reklama xizmatlari sohasida tushgan murojaatlari ijobiy hal etilib, iste’molchilik huquqlari tiklanmoqda
Hududlar kesimida misollar
Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaga Urganch shahrida yashovchi J.Q. tomonidan “Abdurahim Mirzobosh” xususiy korxonasiga qarashli dorixonadan xarid qilingan “Genferon Layt” sprey nazalniy 50 000 ME” mahsulotining yaroqlilik muddati o‘tib ketgani yuzasidan shikoyat kelib tushdi. Ushbu murojaat asosida tegishli tartibda o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida keltirilgan holat o‘z tasdig‘ini topdi va aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan tadbirkorlik subyekti mas’ul xodimiga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.
Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Termiz shahrida yashovchi fuqarolardan T.A. hamda A.J.ning murojaatlari yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish jarayonida “Avto Servis Xizmat” MCHJ tomonidan Termiz shahar Nurafshon va A.Navoiy ko‘chalaridagi ko‘p qavatli uylarning qurilish ishlari yakunlanmay, fuqarolarga belgilangan muddatda topshirilmagani aniqlandi.
Bu holat natijasida “Avto Servis Xizmat” MCHJ tomonidan shartnoma shartlari buzilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi va 20-moddasi talablariga rioya etilmaganligi qayd etildi.
O‘tkazilgan o‘rganish yakunlariga ko‘ra, hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “Avto Servis Xizmat” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.
Shuningdek, uylari kechiktirib topshirilgan davr uchun hisoblangan kompensatsiya mablag‘lari quruvchi tomonidan fuqarolarga to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan umumiy ovqatlanish korxonasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan fuqarolardan kelib tushgan murojaat asosida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganishlar natijasida kafe taomnomasida xizmatlar narxi to‘liq va ochiq ko‘rsatilmagani, mijozlarga o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilmagani hamda 10 foiz xizmat haqi haqida oldindan ma’lumot bermasdan to‘lov undirilgani aniqlandi. Buning natijasida 2026-yil yanvar-fevral oylarida iste’molchilarga yetarli va to‘g‘ri ma’lumot taqdim etilmagani sababli 5 mln 370 ming so‘mdan ortiq asossiz ravishda olingani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar amaldagi qonunchilik talablariga zid deb topildi. Shu munosabat bilan korxonaga qonunbuzarliklarni bartaraf etish, asossiz undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Namangan viloyati
Hududiy boshqarmaga Uychi tumanida yashovchi fuqarodan kelib tushgan murojaatda “Texnomart” do‘konlar tarmog‘ining Namangan filialidan 3 mln so‘mdan ortiq mablag‘ga bo‘lib to‘lash sharti bilan telefon xarid qilgani, biroq shu kunning o‘zidayoq telefonni qaytarib, boshqa turiga almashtirishlarini so‘rab do‘konga murojaat qilgani, biroq bu talabi qanoatlantirilmaganidan norozi ekanini bildirgan.
O‘rganishlarda do‘kon mas’ullariga tegishli qonun talablari yuzasidan ya’ni iste’molchining tovarni almashtirish yoki shartnomani bekor qilish bo‘yicha qonuniy huquqlari mavjudligi haqida tushuntirishlar berilishi natijasida fuqaro bilan tuzilgan shartnoma asosida sotilgan telefon apparati qaytarib olinib, unga to‘langan mablag‘ fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.








