Joriy yilning 19-may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Digital Uzbekistan International PLUS-Forum” doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga oid qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Forum doirasida Raqobat qo‘mitasining mas’ul xodimi J.Isroilov “Raqamli platformalarni tartibga solish: O‘zbekiston Respublikasida xalqaro tajriba va o‘ziga xos yondashuvlar” mavzusida keng qamrovli ma’ruza bilan ishtirok etdi.
U o‘z chiqishida raqamli platformalar sohasida raqobatni ta’minlash, bozor ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda samarali komplayens tizimini ixtiyoriy tartibda joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni taqdim etdi. Shuningdek, komplayens mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish raqobat muhitini mustahkamlash va bozorda shaffoflikni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, istiqbolda Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda Qo‘mita faoliyatini yanada takomillashtirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Jumladan, murojaatlarni avtomatik tahlil qilish, qoidabuzarlik holatlarini aniqlash va raqamli platformalar faoliyatini monitoring qilishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish ko‘zda tutilmoqda.







