Joriy yilning 2-4-oktyabr kunlari Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan “Davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini raqobat qonunchiligi talablariga muvofiqlashtirish” mavzusida tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan o‘quv kurslari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kurslarda respublikadagi yirik korxonalar «Universal Mobile Systems» MChJ, «Asaka bank» AJ, «Namangan xalqaro aeroporti» MChJ, «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» DUK, «UzGasTrade» AJ, «Uzbekistan GTL» MChJ, «Ta’minot va logistika xizmati» DUK, “O‘zkimyosanoat” AJ, «Toshelektroapparat» MChJ XK, «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ, «Fond bozorining axborot-resurs markazi» DUKlarning monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv kurslari doirasida ishtirokchilarga:
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni va uning maqsadi;
ustun mavqe, monopoliya va tabiiy monopoliya asosiy talablari;
monopoliyaga qarshi komplayens asosiy talablari;
insofsiz raqobat turlari va belgilari;
kartel kelishuvlari va ularning turlari;
raqamli platformalarning bozor hukmronligi va ularga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar;
birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi va talablari mavzularida malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.
O‘quv seminar yakunida tinglovchilarga kurs bo‘yicha maxsus sertifikatlar topshirildi.