Joriy yilning 17-19-sentyabr kunlari Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan “Davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini raqobat qonunchiligi talablariga muvofiqlashtirish” mavzusida tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘quv kurslari bo‘lib o‘tdi.
❄ Mazkur kurslarda respublikadagi yirik korxonalar O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ, “Quyuv-mexanika zavodi” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, «O‘zbekgeofizika» AJ, “Gazli Gas Storage” MCHJ QK, «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» AJ, «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ, «O‘zbekgidrogeologiya» DUK, «Toshshaharnur» DUK, «Uzdigital TV» MCHJ, «Elektromagnit moslashuv markazi» DUK, «Boshtransloyiha» AJ, “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ, “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK, «Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro Aeroporti» MCHJlarning monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv kurslari doirasida ishtirokchilarga:
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni va uning maqsadi; ustun mavqe, monopoliya va tabiiy monopoliya asosiy talablari; monopoliyaga qarshi komplayens asosiy talablari; insofsiz raqobat turlari va belgilari; kartel kelishuvlari va ularning turlari; raqamli platformalarning bozor hukmronligi va ularga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar; birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi va talablari mavzularida malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.
O‘quv seminar yakunida tinglovchilarga kurs bo‘yicha maxsus sertifikatlar topshirildi.