16.02.2026
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishga doir, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga doir bitim (harakat)larga oldindan rozilik olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish
TARTIBI
Ushbu sohadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar:
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni (26-27 moddalar);
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.05.2024 yildagi “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 256-son qarori 5-ilovasi bilan tasdiqlangan Iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirish uchun oldindan rozilik olish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom.
Murojaat qilish tartibi:
Oldindan rozilik olish talab etiladigan iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirish chogʻida shaxslar yoki shaxslar guruhi bu harakatlar bajarilguniga (bitimlar tuzilguniga) qadar monopoliyaga qarshi organga ariza bilan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali elektron ravishda ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan pasportlarga muvofiq tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:
– arizachi (investor) — aksiyani (ulushni) oluvchi jismoniy shaxs (norezident boʻlgan jismoniy shaxs) uchun — F.I.O., JShShIR, telefon raqami, elektron pochta manzili va o‘zining boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) qatnashishi to‘g‘risida ma’lumotlar;
– arizachi (investor) — aksiyani (ulushni) oluvchi yuridik (shu jumladan, norezident boʻlgan yuridik shaxs), qo‘shib olish bitimida ishtirok etuvchi yuridik shaxslar uchun — nomi, STIR, yuridik manzili, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi va joyi, telefon raqami, elektron pochta manzili, muassislari (qatnashchilari) tarkibi va ularning jamiyat ustav fondidagi ulushlari miqdori, uning boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) qatnashishi to‘g‘risida ma’lumot haqidagi ma’lumotlar;
– ustav fondidan aksiya (ulush) olinayotgan yoki qoʻshib olinadigan (yuboriladigan) xoʻjalik yurituvchi subyekt nomi, STIR, yuridik manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili, ustav fondidan investor (aksiya (ulush) oluvchi shaxs) tomonidan olinadigan aksiyalar (ulushlar) miqdori, ustav fondiga talabgor tomonidan kiritiladigan mol-mulkning qiymati, muassislari (qatnashchilari) tarkibi va ularning jamiyat ustav fondidagi ulushlari miqdori koʻrsatilgan maʼlumotlar;
– ustav fondidan aksiya (ulush) olinayotgan yoki qoʻshib olinadigan (yuboriladigan) xoʻjalik yurituvchi subyektning boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) qatnashishi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Bitim ishtirokchilari tomonidan arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
norezident boʻlgan jismoniy shaxs uchun — pasportning koʻchirma nusxasini;
norezident boʻlgan yuridik shaxs uchun — davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjatning koʻchirma nusxasini yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat;
bitim taraflarining ariza berilgan kundan avvalgi ikki yil davomidagi yoxud agar faoliyat ikki yildan kam muddatni tashkil etsa, faoliyat amalga oshirilgan muddat davomidagi faoliyati turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
bitim taraflarining oʻtgan ikki kalendar yilga doir moliyaviy va statistika hisobotlari, bunda hisobotlar nazorat qiluvchi organga hisobotni topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumot bilan taqdim etilishi, chet tilidagi hisobotlar rasman davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi lozim (chet el yuridik shaxslari tomonidan statistika hisobotlari talab etilmaydi);
shaxslar guruhining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, bunday shaxslarning ushbu shaxslar guruhiga kirish asoslari koʻrsatilgan holda;
shaxslar yoki bir guruh shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarining (ulushlarining) 25 foizdan koʻprogʻiga bevosita yoki bilvosita egalik qilish orqali haqiqatda nazorat qiladigan jismoniy shaxslar — asosiy benefitsiar mulkdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumot.
Arizani ko‘rib chiqish muddati:
Agar harakat (bitim) raqobatga ta’sir qilmasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran o‘ttiz kalendar kundan kechiktirmay.
Agar harakat (bitim) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazish uchun arizani ko‘rib chiqish muddati ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Murojaatni ko‘rib chiqib, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi uchun undiriladigan yig‘im:
- Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori- bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari;
- Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi uchun undiriladigan yig‘im miqdori: bitim taraflarining oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining (tushum mavjud bo‘lmagan taqdirda — aktivlar balans qiymatining) 0,05 foizi, lekin BHMning yetti baravaridan kam bo‘lmagan va ming baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Murojaatni ko‘rib chiqib, oldindan rozilik berilganligi uchun undiriladigan yig‘im:
Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori- bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida;
ldindan rozilik berilganligi uchun bitim taraflarining oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining (tushum mavjud boʻlmagan taqdirda — aktivlar balans qiymatining) 0,05 foizi, lekin BHMning yetti baravaridan kam boʻlmagan va ming baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda yigʻim undiriladi.
Qaysi holatlarda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi talab etiladi?
xoʻjalik yurituvchi subyektni qoʻshib olish yoki qoʻshib yuborish orqali qayta tashkil etishda;
shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan aksiyadorlik jamiyati ovoz beruvchi aksiyalarining 25 foizidan ortigʻini tasarruf etish huquqini olganda;
shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan masʼuliyati cheklangan jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarning uchdan bir qismidan ortigʻini tasarruf etish huquqini olganda.
Iqtisodiy konsentratsiya boʻyicha monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi yuqorida nazarda tutilgan holatlarda quyidagi shartlardan biri mavjud boʻlganda olinadi:
bitimlarda ishtirok etayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa. (“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasi).
Agar sizda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish tartibi yuzasidan savollaringiz bo‘lsa, unda tegishli tushuntirish olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish boshqarmasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefon: 71-207-47-00 (ichki raqami: 260, 273, 305)

