Buxoro shahridagi bukmekerlik logotipi aks etgan noqonuniy reklama bartaraf etilgan, holat tafsilotlari Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganilmoqda
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi oldida aralash jang san’atlari bo‘yicha musobaqaga oid reklama banneri o‘rnatilgani, unda bukmekerlik faoliyati bilan bog‘liq logotip aks etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan tezkor joyiga chiqqan holda amalga oshirilgan o‘rganish ishlari jarayonida xabarda ko‘rsatilgan hududda reklama banneri mavjud emasligi aniqlandi.
Shu bilan birga, viloyat ichki ishlar organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur reklama banneri joriy yilning 29-aprel kuni o‘rnatilgan va shu kunning o‘zida olib tashlangani ma’lum qilindi.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq, tashqi reklamani moddiy-madaniy meros obyektlariga o‘rnatish taqiqlanadi. Shuningdek, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlari hamda internet tarmog‘i orqali tashkil etiladigan o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan hozirda reklama buyurtmachisi, reklama tayyorlovchisi, reklama tarqatuvchisi, tadbir tashkilotchilari hamda mazkur reklama vositasini joylashtirilishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha vakolat doirasida qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda va ushbu ish yakunlari bo‘yicha huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.
Eslatma
Raqobat qo‘mitasi barcha tadbir tashkilotchilari, reklama buyurtmachilari va tashqi reklama sohasi subyektlarini reklama materiallarini joylashtirishda amaldagi qonunchilik talablariga, ayniqsa, madaniy meros obyektlari hududida belgilangan cheklovlarga qat’iy rioya etishga chaqiradi.








