Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi bugun jahon hamjamiyati e’tibor markazida.
Raqobat qo‘mitasini rahbariyati boshchiligidagi bir guruh xodimlar va tizim faxriylari hamda hamkor xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif tashkil qilindi.
Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan ushbu maskan o‘zida ming yillik tarixni ham, bugunning eng ilg‘or texnologiyalarini ham mujassam eta olgan. Kreativlik hamda zamonaviy muzey texnologiyalarini qo‘llash orqali tarixni, sivilizatsiyalar taraqqiyotini va muhim tarixiy bosqichlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni juda aniq va ta’sirchan yetkazib bera olgan.
Zamonaviy interaktiv yondashuv orqali tarixni “jonli” tajribaga aylantirayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Ekskursiya davomida nafaqat boy tarix va ilmiy merosni, balki Yangi O‘zbekistonning uchinchi Renessans sari dadil qadamlarini ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi — bu maskan milliy o‘zlik, ilm-fan va zamonaviy yondashuv uyg‘unlashgan noyob ilmiy-ma’rifiy majmua sifatida ularda chuqur taassurot qoldirdi.








