Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yishda 1 mlrd 249 mln so‘m asossiz daromad olinganligi aniqlandi
Qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganish va tahlillarda O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori talablari buzilgan holatlari aniqlangan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berib borilmoqda.
Hududlar kesimida olib borilgan o‘rganishlardan,
🟠Andijon viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “VODIY SANOAT FAXRI” MChJ faoliyati bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilganda paxta tolasi, paxta momig‘i (lint) va boshqa yuqori likvidli mahsulotlarni realizatsiya qilishda birja savdolari orqali sotish tartiblariga rioya etilmagani, shuningdek ayrim mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgani va undan asossiz daromad olingani aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan asossiz olingan 133 mln 800 ming so‘mni undirish va unga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qildi. Shuningdek, qonunbuzarliklarni bartaraf etish, kelgusida takrorlamaslik hamda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🟠Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma 2025-yilning yanvar-may oylari holati bo‘yicha olib borgan o‘rganishlarda “JR COTTON” MChJ tomonidan 970 mln 255 ming so‘mdan ortiq tovar mahsulotlari ya’ni paxta tolasi chiqindilarini birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotilgani aniqlandi.
Boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan tovar mazkur korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonun buzilishini to‘xtatish hamda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🟠Namangan viloyati
Hududiy boshqarma monitoringlari natijasida 14 ta yuqori likvidli mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi. Maxsus komissiya tomonidan 11 ta korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi. Yog‘-moy korxonasida narxlarni sun’iy oshirish orqali 65 mln 400 ming so‘m asossiz daromad olingani aniqlanib, uni undirish bo‘yicha ko‘rsatma ham berildi. Shuningdek, 2 ta korxona mansabdor shaxsiga ma’muriy jarima qo‘llanildi.
🟠Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “DYNAMIC ELECTRONICS” MChJ tomonidan yuqori likvidli un mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilgani, natijada 22,6 mln so‘m asossiz daromad olganligi aniqlandi.
Mazkur holat hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan mazkur MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.
🟠Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Denov chorvachilik omuxta yem” MChJning birja savdolari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda mahsulotlar birja savdolariga qo‘yilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilganligi, natijada 11,8 mln so‘m asossiz daromad olinganligi alomatlari aniqlandi.
Qonunbuzilish holati hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, mazkur subyektga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🟠Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qo‘mita tomonidan “ELLIKQAL’A OLTIN TOLASI KLASTERI” MChJ tomonidan yuqori likvidli mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilib, undan 430,8 mln so‘m asossiz olingani aniqlandi.
Mazkur holat Qo‘mita Maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, jamiyatga nisbatan qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi
🟠Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Mirishkor ratex tekstil” MChJ faoliyatida birja savdolari tartibiga rioya etilmagani ya’ni paxta tolasi, texnik chigit va boshqa mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish jadvallari o‘z vaqtida ishlab chiqilmagan va tasdiqlanmagani, shuningdek 584,9 mln so‘mlik asossiz daromad olinganligi aniqlandi.
Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi hamda qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.








