O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy telefon orqali muloqot qildilar.
Suhbat avvalida Eron rahbari mamlakatimiz yetakchisini kuni kecha O‘zbekistonda o‘tgan muddatidan ilgari Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy tabrikladi.
Eron Prezidenti ushbu mamlakatning Oliy diniy rahbari oyatulloh Sayid Ali Xomaneiyning salomi va tabriklarini ham yetkazdi.
Joriy yilning iyun oyida Eronga rasmiy tashrif yakunida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga kirishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jadal muloqotlarni, shu jumladan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlar ma’muriyatlari darajasidagi aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.