Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “FAIR TECH” yagona axborot tizimi doirasida alohida modul ishlab chiqildi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va farmatsevftika sohasida qonunchilik me’yorlarining iste’molchi foydasiga ishlashini interaktiv usullarda nazorat qilishdan iborat.
Ushbu yangi tizim bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish onlayn tarzda tezkor amalga oshiriladi hamda korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlar oldi olinadi. Shuningdek, sohada yangi yo‘nalish sifatida isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni qoplashning taʼsirchan mexanizimi joriy etiladi.
Bunining huquqiy asosi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi PQ-411- sonli “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan isteʼmolchilar tomonidan dorixonalarda xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyum xarid cheklarning QR-kodi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda belgilangan ustamalardan ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobat qo‘mitasiga xabar yuborilib, ortiqcha olingan mablag‘ni isteʼmolchiga qaytarish tizimi ishga tushirilmoqda. Hozirda tarmoq Soliq qo‘mitasi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining elektron tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilingan va hamkorlikdagi o‘zaro maʼlumotlar almashinuvi bo‘yicha ishlaydi. Sifatli monitoring tizimini samarali ishlashi hamda texnik jihatdan ishlarni tezkor va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari planshetlar bilan taʼminlandi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (30.10.2016-yildagi PQ-2647-sonli) qaroriga muvofiq, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llash tartibi belgilangan.