Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida ayrim turdagi qishloq xoʼjaligi mahsulotlari narxlari oshganligi keng muhokamaga sabab boʼlmoqda. Xususan, dehqon bozorlarda piyozning narxi 10 ming soʼm, kartoshka 7 ming soʼm va sabzi 5 500 soʼm ekanligi qayd etilgan.
Shu bilan bir vaqtda, respublika boʼyicha dehqon bozorlar hududida tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari davom etmoqda. Bu esa aholining qishloq xoʼjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishi, arzonlashtirilgan narxlarda sotib olishiga zamin yaratmoqda.
Respublikada 2022-2023-yillar qish-bahor mavsumida zaxiraga jamgʼarilgan (kartoshka, piyoz, sabzi va guruch) mahsulotlarni bosqichma-bosqich savdoga chiqarilishi va narxlari boʼyicha Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasi tomonidan doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, 2022-2023-yillarga qish-bahor mavsumi uchun zaxiraga jami 639 ming tn qishloq xoʼjaligi mahsulotlari, xususan, kartoshka 297 ming tn, piyoz 94 ming tn, sabzi 158 ming tn va guruch 90 ming tn jamgʼarilgan.
Shuningdek, 2022-yilda 21 ming tn va 2023-yil yanvarda 6 ming tn piyoz, shu kabi 2022-yilda 552 ming tn va 2023-yil yanvarda 10 ming tn kartoshka import qilingan.
Oʼz navbatida, zaxiradan savdo yarmarkalarida chiqariladigan mahsulotlar erkin bozor narxlariga nisbatan arzon narxlarda, xususan, 1 kilogramm mol goʼshti (suyakli) 60 000 soʼmdan, tuxum 1 200 soʼmdan, piyoz 4 000 ming soʼmdan, kartoshka 3 500-4 500 soʼmdan, sabzi 3 000 soʼmdan, oʼsimlik yogʼi 17 500 soʼmdan, un 5 700 soʼmdan va shakar 11 500soʼmdan sotilmoqda.
Bu kabi ishlarning amalga oshirilishi aholiga arzon va sifatli mahsulotlarni yetkazish bilan birga narxlar sunʼiy va asossiz ravishda oshirilishining oldini olishga xizmat qiladi.