Raqobat qo‘mitasi “WB TAXI” MCHJga taksi xizmatlarida iste’molchilar huquqlarini ta’minlash yuzasidan so‘rov yubordi
So‘nggi vaqtda Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan murojaatlarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati yuzasidan iste’molchilar tomonidan e’tirozlar ko‘paymoqda.
Aynan, “WB TAXI” faoliyati bilan bog‘liq e’tirozlar 2026-yil yanvar-avgust oylarida 20 taga yaqin bo‘lib, bunda iste’molchilar tomonidan xizmatdan foydalanganda belgilangan joyga taksilar kelmayotgani, haydovchilari bilan qayta aloqa qilishning imkoni yo‘qligi va bunday hollarda operator hech qanday chora ko‘rmayotganligi kabi e’tirozlari bildirilgan.
O‘rganishlarda mazkur xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunlar va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Raqamli platforma operatorining ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini e’tirof etish hamda raqobatning cheklanishiga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlarni aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi kabi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan mazkur e’tirozlar nazoratga olinib, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda yo‘lovchilarning “ ” bilan qayta aloqa o‘rnatish va ma’lumot olish imkoniyatlarini yaratish choralarini ko‘rish yuzasidan “WB TAXI” MCHJga so‘rov yuborildi.








