2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillaridan kelib tushgan murojaatlar tahlili
Qo‘mitaga 2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillaridan jami 23 ming 200 ga yaqin yozma, elektron va og‘zaki murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 254 tasi yozma, 6 299 tasi elektron, 15 615 ta og‘zaki ya’ni shaxsiy qabul, sayyor qabul, mas’ul xodimlar qabuli va ishonch telefon orqali tushgan murojaatlarni tashkil etadi.
Murojaatlar kelib tushish manbalari tahlil qilinganda:
6 ta – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan;
592 ta – boshqa tashkilotlar orqali tegishliligi bo‘yicha;
656 ta bevosita jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillaridan;
310 ta Qo‘mitaning info@antimon.gov.uz elektron manzili orqali;
6 690 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali;
27 ta O‘zbekiston Respublikasi Xalq qabulxonalari orqali;
342 ta qo‘mitaning www.raqobat.gov.uz sayti orqali;
14 345 ta qo‘mitaning 1159 qisqa raqami orqali;
76 ta qo‘mita rahbariyatining shaxsiy qabullari hamda sayyor qabullari orqali;
124 ta mas’ul xodimlarning qabullari orqali murojaatlar kelib tushgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, murojaatlarning asosiy qismi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, reklama sohasidagi munosabatlar, savdo va xizmat ko‘rsatish, kommunal xizmatlar, aloqa, transport hamda qurilish xizmatlari bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri kelmoqda.
Qo‘mita tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, rahbariyat tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan ko‘plab murojaatlar joyida ijobiy hal etilmoqda.
Shuningdek, kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida 10 ga yaqin yo‘nalishda tizimli o‘rganishlar tashkil etildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 10 mln 459 ming 182 nafar fuqaroning manfaati himoya qilinib, ular foydasiga qariyb 59 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Qo‘mita tomonidan har chorak yakuni bilan ko‘rib chiqilgan murojaatlar tahlili to‘g‘risidagi ma’lumotlar qo‘mitaning rasmiy axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlaridagi Facebook, Telegram, Instagram, Youtube hamda “Raqobat.gov.uz” sahifalari orqali keng jamoatchilikka yetkazib borilmoqda.
Shu bilan birga, Qo‘mita va uning hududiy organlarida murojaatlar bilan ishlash holati muntazam o‘rganilib, Qo‘mita hay’ati yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilinib, aniq vazifalar belgilanmoqda.Murojaatlarni ko‘rib chiqishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy choralar qo‘llanilmoqda.
Qo‘mita kelgusida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunchilik talablari asosida tezkor, xolis va sifatli ko‘rib chiqish, tizimli muammolarni bartaraf etish hamda iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha amaliy ishlarni izchil davom ettiradi.







