Aholining huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan joylarda o‘quv seminarlari va davra suhbatlari tashkil etildi.
📍ANDIJON VILOYATI
Andijon shahar yuridik texnikumi o‘quvchilari uchun «Iste’molchilar huquqi va moliyaviy savodxonlik» mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirokchilarga iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlari, ularni himoya qilish mexanizmlari hamda iste’molchilik munosabatlarida uchraydigan muammolarning huquqiy yechimlari haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, shaxsiy va oilaviy budjetni boshqarish, daromad va xarajatlarni rejalashtirish, moliyaviy xavf-xatarlarni baholash hamda ularning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
📍JIZZAX VILOYATI
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Paxtakor tumanidagi «Paxtakor» va «Suvonobod», Sharof Rashidov tumanidagi «Yaxtanlik» va «Toshkentlik», G‘allaorol tumanidagi «Baxt» va «Sarbozor» hamda Jizzax shahridagi «Amir Temur», «Bobur» va «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun «Moliyaviy xizmatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish» mavzusida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda, ayniqsa, uy bekalari va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga shartnomaviy munosabatlarda o‘z huquqlarini himoya qilish, oldi-sotdi va xizmatlardan foydalanish jarayonida firibgarlikdan ehtiyot bo‘lish, moliyaviy majburiyatlarni to‘g‘ri baholash hamda oilaviy budjetni oqilona taqsimlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan huquqiy maslahatlar olishdi.
📍NAVOIY VILOYATI
Karmana tumanidagi «Do‘stlik» va «Sardoba» mahalla fuqarolar yig‘inlari xotin-qizlari ishtirokida iste’molchilar huquqlariga oid bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan seminar tashkil etildi.
Tadbirda tovar xarid qilish va xizmatlardan foydalanishda iste’molchilarning huquqlari, sotuvchi hamda xizmat ko‘rsatuvchilarning majburiyatlari tushuntirildi. Tovarning sifati, xususiyatlari va narxi haqida ma’lumot olish, xaridni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash hamda kafolat muddatiga e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, huquqlar buzilganda qayerga va qanday tartibda murojaat qilish, murojaatga qanday hujjatlarni ilova qilish lozimligi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
📍XORAZM VILOYATI
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Urganch shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida «Moliyaviy savodxonlik — farovon hayot garovi» mavzusida seminar o‘tkazildi. Shu yo‘nalishdagi tadbirlar Xonqa tumanidagi «Oydin hayot» va «Mustaqillik» hamda Urganch tumanidagi «Shermatlar» va «Oyoqbog‘» mahallalarida ham tashkil etildi.
Seminarlarda daromad va xarajatlarni to‘g‘ri taqsimlash, oilaviy budjetni shakllantirish hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari yoritildi. Shartnomani imzolashdan oldin uni to‘liq o‘qib chiqish, komissiyalar, ustama to‘lovlar va jarimalarga oid shartlarni tekshirish zarurligi tushuntirildi.
Ishtirokchilarga qonuniy huquqlari buzilgan taqdirda qanday yo‘l tutish bo‘yicha tavsiyalar berilib, ularning savollariga javob qaytarildi.
Raqobat qo‘mitasi barcha fuqarolarni iste’molchilik madaniyatini oshirishga va o‘z huquqlarini bilishga chorlaydi!








