Raqobat qo‘mitasiga tibbiyot xizmatlari va farmatsevtika sohasi bo‘yicha 2026 yilning o‘tgan davri mobaynida 900 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 2 barobarga oshganini ko‘rsatmoqda.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida tovar va xizmatlar uchun to‘langan 300 mln so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, iste’molchilarni qiynayotgan ayrim muammolar tibbiyot va kosmetologiya sohasida halol hamda qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xususan:
- xususiy tibbiy xizmat ko‘rsatish qoidalarining yagona va ochiq tartibda shakllanmaganligi;
- kosmetologiya sohasida tibbiy va jarrohlik amaliyotlarini bajarishda xodimlarning malaka talablariga to‘liq rioya etmasligi;
- kosmetologik muolajalarda foydalanilayotgan ayrim tibbiy buyum va preparatlarning davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi;
- xususiy klinikalar tomonidan EKO muolajalari bo‘yicha iste’molchilarga yetarli va tushunarli ma’lumot berilmasligi;
- muolajalarning ehtimoliy oqibatlari va o‘ziga xos xususiyatlari oldindan to‘liq tushuntirilmasligi asosiy muammolar sifatida qayd etilmoqda.
Shuningdek, mazkur holatlarning oldini olish maqsadida hududlarda tasdiqlangan reja-jadval asosida «sirli mijoz» tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar doirasida tibbiyot xizmatlari va farmatsevtika sohasida iste’molchilar huquqlari buzilishi holatlarining oldi olinmoqda hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi tibbiyot va farmatsevtika sohasida iste’molchilarning huquqlari buzilgan holatlarda Qo‘mitaga murojaat qilish lozimligini eslatadi. Murojaatlar asosida qonunchilikda belgilangan tartibda iste’molchilarning huquqlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.







