Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi tomonidan birja narxlari doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.
Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan birja savdolarida raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, “T.O-MOXIDIL” XK 5 ta holatda paxta shroti va sheluxa mahsulotlarini birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlariga nisbatan yuqori narxlarda sotgani hamda buning natijasida qariyb 100 mln so‘m asossiz daromad olgani aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilgani alomatlari bilan “T.O-MOXIDIL” XKga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.







