Raqobat qo‘mitasi tomonidan Sirdaryo va Jizzaxdagi tibbiyot muassasalarida 350 minga yaqin fuqarolardan 440 mln so‘mga yaqin asossiz mablag‘ olingani aniqlanib, qaytarilishi belgilandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi bo‘yicha tegishli qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Hududlar kesimida misollar:
🟣Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Guliston tibbiyot klasterida o‘tkazilgan o‘rganishlarda muassasa 2024-yil davomida ko‘rik yo‘nalishdagi xizmat turlari bo‘yicha bilvosita xarajatlarni taqsimlash koeffitsiyentini hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Ya’ni 110 ta pullik tibbiy xizmat turi bo‘yicha 100 ming nafarga yaqin iste’molchi bilan hisob-kitob qilinib, 340 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olingan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6 va 21-moddalarida ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi, shuningdek sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilab berilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Guliston tibbiyot klasteriga nisbatan 340 mln so‘mga yaqin mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🟣Raqobat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida o‘tkazilgan o‘rganishlarda mazkur ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali tomonidan 2023-2024 va 2025-yillar mobaynida pullik tibbiy xizmatlarda noto‘g‘ri hisoblanishi oqibatida 40 ming 500 ga yaqin mijozlardan asossiz ravishda jami 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ olingani aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








