Raqobat qo‘mitasining elektron tijorat bozorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan takliflari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida elektron tijorat sohasi kengayib, onlayn xaridlar aholi hayotining ajralmas qismiga aylandi. Shu bilan birga, mazkur sohada iste’molchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda ayrim muammolar va nizolar yuzaga kelmoqda.
2026-yilning I choragi yakuniga ko‘ra, elektron tijorat platformalari faoliyati yuzasidan jami 111 ta subyektga nisbatan 1 657 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning asosiy qismi tovar sifati (602 ta, 36,3 foiz), to‘lov munosabatlari (278 ta, 16,8 foiz) hamda tovarlarni yetkazib berish jarayoni (188 ta, 11,3 foiz) bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 983 ta (60 foiz) murojaat ijobiy hal etildi. Shuningdek, iste’molchilar foydasiga 350 mln so‘mga yaqin mahsulotlar almashtirildi yoki qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
1️⃣ Bozorning asosiy «ishtirokchilari» va murojaatlar tahlili
Statistikaga ko‘ra, shikoyatlarning eng katta qismi bozor yetakchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu tabiiy hol – tranzaksiyalar soni qancha ko‘p bo‘lsa, xatoliklar ehtimoli shuncha yuqori:
➡️ Uzum Market (490 ta murojaat): Eng yirik marketpleys sifatida asosiy shikoyatlar tovar sifati va yetkazib berish bilan bog‘liq.
➡️ Uzum Nasiya (391 ta murojaat) va Alif (Nasiya/Moliya – 52 ta): Bu yerda asosiy masalalar moliyaviy majburiyatlar, to‘lovlarni hisoblash va qarzdorlik bilan bog‘liq muammolardir.
➡️ Ijtimoiy tarmoqlar (Instagram, Telegram): Garchi murojaatlar soni kamroq ko‘rinsa-da (masalan, Instagram bo‘yicha 13 ta rasmiy shikoyat), bu sohada firibgarlik va qaytarib bo‘lmaydigan to‘lovlar xavfi yuqoriligicha qolmoqda.
2️⃣ Iste’molchilarni nima qiynamoqda? (Asosiy muammolar)
Hisobotdagi ma’lumotlarni tahlil qilsak, murojaatlarning asosiy sabablari quyidagicha taqsimlangan:
✅Tovar sifati va mosligi: Mijozlar olgan mahsulot saytdagi tavsifga mos kelmasligi yoki nuqsonli ekani eng ko‘p uchraydigan holat (36% murojaat).
✅To‘lov va qayta hisob-kitob: Murojaatlarning salmoqli qismi ijobiy hal etilib, 142 mln so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingani va 201 mln so‘mlik tovarlar almashtirib berilgani tizimda hali ham moliyaviy shaffoflik borasida bo‘shliqlar borligini ko‘rsatadi.
✅YEtkazib berish muddatlari: Logistika zanjiridagi uzilishlar, ayniqsa chekka hududlarda hamon dolzarb.
3️⃣ Xalqaro tajriba va mahalliy yechimlar
Dunyo tajribasi (masalan, AQShning Amazon yoki Xitoyning Alibaba tizimi) shuni ko‘rsatadiki, iste’molchi ishonchini qozonish uchun quyidagilarni joriy etish shart:
✅ «Escrow» to‘lov tizimi: Xaridor tovarni olib, uni tasdiqlamaguncha pul sotuvchining hisobiga o‘tmaydi. Bu Instagram va Telegram’dagi firibgarlikka chek qo‘yadi.
✅ Avtomatlashtirilgan nizolarni hal qilish (ODR): Har bir murojaatni qo‘lda ko‘rib chiqish emas, balki platformaning o‘zida tezkor «arbitraj» tizimini yaratish.
✅ Sotuvchilar reytingi va javobgarligi: Sifatsiz tovar sotgan tadbirkorlarni platformadan chetlatishning qat’iy tizimi.
4️⃣ Xulosa va takliflar
Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron tijoratni yangi bosqichga olib chiqish uchun quyidagilar taklif etiladi:
✅ Qonunchilikni takomillashtirish: «Masofaviy savdo» tushunchasini sotuvchining majburiyatlari nuqtai nazaridan yana-da aniqlashtirish.
✅ Raqamli savodxonlik: Iste’molchilarga onlayn shartnoma va oferta shartlarini o‘qish madaniyatini singdirish.
✅ Logistika markazlarini sertifikatlash: Tovar saqlanish va yetkazib berish sharoitlarini davlat standarti darajasiga ko‘tarish.
↗️ Yuqoridagi holatlar davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat va tartibga solish chora-tadbirlari natijasida elektron tijorat sohasida ijobiy tendensiyalar shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda, kelgusida asosiy e’tibor mavjud muammolarni bartaraf etishga emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilmog‘i maqsadga muvofiq hisoblanadi.








