#Ochiq_muloqot
XORAZM VILOYATIDA RAQOBAT QO‘MITASINING NAVBATDAGI OChIQ MULOQOTI BO‘LIB O‘TDI
Ushbu ochiq muloqot tadbirkor va fuqarolar, tegishli mutasaddi tashkilot va OAV vakillari hamda blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Respublika hududlari kesimida o‘tkazilayotgan ushbu ochiq muloqotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247 va PF-154-sonli Farmonlari ijrosini ta’minlash, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni oshirish hamda tizimli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida Qo‘mita tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
Muloqot davomida Xorazm viloyati hududiy boshqarma boshlig‘i v.b. D.Abdukarimov tomonidan 2025-yil yakunlari va 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilikka hisobot taqdim etildi.
Shuningdek, hududda raqobat sohasida belgilangan vazifalar ijrosi hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid ko‘rsatkichlar jamoatchilik vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilari tomonidan 10 ga yaqin murojaat va takliflar qabul qilindi.
Jumladan:
OAV vakili, bloger M.Sobirboyevaning qo‘mita faoliyatini yana-da samarali tashkil etish maqsadida bloger va jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ular uchun o‘quv seminarlari va treninglar tashkil etish, shuningdek axborot almashinuvini kuchaytirish va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan;
S. Quronboyevning onlayn olingan kredit muddatidan oldin to‘liq yopilganligi munosabati bilan sug‘urta shartnomasiga asosan foydalanilmagan davr uchun to‘langan sug‘urta mukofoti mablag‘ini qaytarish yuzasidan;
B.Otanazarovning Uztelecom mobil aloqa operatori ko‘rsatayotgan internet Wi-Fi xizmatlarida uzilishlar mavjudligi yuzasidan;
O.Eshmetovning savdo shoxobchasidan muddatli to‘lov asosida telefon xarid qilgan, biroq xarid qilingan qurilmaning UZ IMEI kodi tushib qolganligi hamda Ucell kompaniyasi tomonidan fuqaroning plastik kartasidan har oy asossiz ravishda ortiqcha mablag‘ yechib olinayotganligi bo‘yicha;
“MAHMUD DONIYOR” OK vakili hududgaz ta’minoti tomonidan gaz hisoblagich qiyoslovdan o‘tkazilmaganligi sababli asossiz qarzdorlik hisoblanganligini ma’lum qilib, ushbu muammoni bartaraf etish yuzasidan taklif va murojaatlari tinglandi va ularni ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli mas’ul organlarga takliflar kiritilishi belgilandi.
Tadbir ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar hamda qizg‘in muhokamalar ruhida bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida: Qo‘mitaning Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga 2025-yilda jami 2500 dan ortiq va 2026-yil I-choragi davomida 700 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 550 ming nafar iste’molchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga 4 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.








