Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan bank, savdo, viza va sug‘urta xizmatlar borasida tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Andijon viloyati
Fuqaro A.K. “SAMOI NUR AKFA GROUP” MChJ bilan 42 500 000 so‘mlik shartnoma tuzgan. Shartnomaga ko‘ra mahsulot belgilangan muddatda o‘rnatilishi kerak edi, ammo o‘rnatilgan mahsulot nosoz bo‘lib, xizmat sifati talabga javob bermagan. Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga qilingan murojaatlar natija bermaganligi sababli fuqaro hududiy boshqarmaga norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida iste’molchining roziligi asosida mahsulotlar (eshik va rom) xizmat ko‘rsatuvi tashkilot tomonidan qayta o‘rnatilib berilishi ta’minlandi.
🔘Buxoro viloyati
Fuqaro M.M “SITORA-AVTO SAVDO” MChJ bilan avtotransport sotib olish uchun shartnoma asosida oldindan 82 600 000 so‘m to‘lov amalga oshirilganligi, ayrim sabablarga ko‘ra shartnoma bekor qilinganligi biroq korxona tomonidan to‘lovlar qaytarib berilmayotganligi yuzasidan hududiy boshqarmaga norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, xizmat ko‘rsatuvi tashkilot tomonidan oldindan to‘langan to‘lovlar iste’molchiga qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati
Fuqaro I.X. “TBC bank” ATB tomonidan uning virtual bank kartasidan asossiz ravishda ikki marta 10 000 so‘mdan, jami 20 000 so‘m yechib olinganligini, shuningdek mazkur to‘lov uchun fuqaro bilan qo‘shimcha shartnoma yoki onlayn oferta rasmiylashtirilmaganligini bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qildi.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroning virtual bank kartasidan asossiz tarzda yechib olingan pul mablag‘lari qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Namangan viloyati
Fuqaro K.A. “RSGROUP” MChJ bilan viza olib berish bo‘yicha shartnoma tuzib, 5 350 000 so‘m to‘lagan, biroq viza berilmaganligi sababli shartnomani bekor qilish va mablag‘ni qaytarish masalasida hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, iste’molchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilib, amalga oshirgan to‘lov mablag‘ini qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Navoiy viloyati
Fuqaro A.U. “Turonbank” ATB Navoiy filiali orqali ipoteka krediti rasmiylashtirib, “IMPEX INSURENS” AJ bilan sug‘urta shartnomasi tuzgan. Kreditni muddatidan oldin to‘lab bo‘lgani sababli, sug‘urta to‘lovining foydalanilmagan 4 mln so‘mdan ortiq qismini qaytarish masalasida hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, sug‘urta tashkiloti tomonidan fuqaroga mablag‘lar to‘liq shaklda qaytarib berilishi ta’minlandi.








