Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan tadbirkorlik muhiti va biznes subyektlari kayfiyatini aks ettiruvchi Biznes faolligi indeksining (BFI) 2026-yil 1-chorak natijalari hamda 2026-yil 2-chorak kutilmalari baholandi.
BFI so‘rovnomasida Qo‘mitaning Fair Tech yagona axborot tizimi orqali respublikadagi ishlab chiqarish va xizmatlar sohasidagi 380 dan ortiq yirik korxonalar respondent sifatida ishtirok etdi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2026-yil 1-chorakda BFI yig‘ma ko‘rsatkichi 55,1 bandni tashkil etdi. Shuningdek, 2026-yil 2-choragi uchun BFIning prognoz ko‘rsatkichlari 56,2 band bo‘lishi kutilmoqda.
Xalqaro tan olingan PMI (Purchasing Managers’ Index) metodologiyasiga ko‘ra, BFI ko‘rsatkichi 50 banddan yuqori bo‘lishi iqtisodiyotda barqaror o‘sish va faollik saqlanib qolayotganini anglatadi.
BFIning hududlar kesimidagi tahliliga ko‘ra, eng yaxshi natija Xorazm (59,5) va Sirdaryo (58,8) viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Toshkent (51,5) va Jizzax (50,6) viloyatlarida indeks natijasi nisbatan past ko‘rsatkichlarga teng bo‘ldi.
Umuman olganda, BFI natijalari mamlakatimizda iqtisodiy faollik barqaror saqlanayotganini hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan kelgusi chorakda ham biznes faolligining oshishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, respondentlarning 49 foizi 2026-yil 2-choragida innovatsiyalarga sarmoya ajratish orqali biznes faoliyatini kengaytirishni rejalashtirganini qayd etgan.
Batafsil infografikada.








