Ijtimoiy tarmoqlarda milliy va oilaviy qadriyatlarga zid joylashtirilgan reklamalar yuzasidan tegishli ta’sir choralari ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Kiyim-kechak do‘koni hamda mehmonxonalarning reklamasi odob-axloq me’yorlariga mos kelmaydigan tarzda joylanib, milliy va oilaviy qadriyatlarga zid obraz va iboralarda berilgani…” jamoatchilik tomonidan ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, «aykous_sekret», «dom_penyuar», «shiray shop», «nargizem_shop» va «arzon hostel» Instagram sahifalarida joylashtirilgan reklama roliklarining mazmuni va unda tasvirlangan holatlar axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekanligi qayd etilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “aykous_sekret» kiyim-kechak savdo do‘konining rasmiy yurituvchisi “Ilyasova Aygerim Marataovna” YATT hamda «dom_penyuar» kiyim-kechak savdo do‘konining rasmiy yurituvchisi «Abdullayeva Aynura Rauajovna»ga nisbatan qonun buzilishi holati yuzasidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, «shiray shop», «nargizem_shop» va «arzon hostel» Instagram sahifalarida joylashtirilgan reklama roliklarining mazmuni va unda tasvirlangan holatlar axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekanligi sababli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
Ma’lumot uchun. O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasiga asosan reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, ibora va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.








