#Sirdaryo_ochiq_muloqot
Raqobat qo‘mitasi raisi H. Turaxujayev boshchiligida Sirdaryo viloyatida tadbirkorlik subyektlari, fuqarolar va keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Qo‘mita raisi kirish so‘zi bilan ochib berdi.
U o‘z nutqida «Qo‘mita o‘z faoliyatida ustuvor vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, raqobatni qo‘llab-quvvatlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish nafaqat iqtisodiy zarurat, balki konstitusion norma hisoblanadi. Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlari ustuvorligini ta’minlash Qo‘mitaning eng asosiy vazifalaridan hisoblanadi».
Qo‘mita raisi monopoliyaga qarshi organlarning milliy va jahon miqyosidagi ahamiyatiga to‘xtalib, ularning raqobatni rivojlantirishdagi o‘rni juda muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, hududlardagi muammolarni o‘rganish, fuqarolar va tadbirkorlarning taklif hamda murojaatlari asosida amaliy yechimlar ishlab chiqish zarurligi, bunda bu kabi yuzma-yuz ochiq muloqotlarning ahamiyati muhimligi alohida qayd etildi.
Ochiq muloqot davomida, jismoniy va yuridik shaxslardan 20 dan ortiq murojaat va takliflar tinglandi.
Xususan,
– Fermer xo‘jaliklarida g‘alla va paxta yetishtirishda dizel yoqilg‘isi narxining yuqoriligi hamda birja savdolariga muddati o‘tgan mineral o‘g‘itlarni sotuvga qo‘yilishi bo‘yicha;
-Reklama pasportlarini shakllantirish tizimi to‘lovlarni noto‘g‘ri hisoblayotganligi va rasmiylashtirish uchun to‘lovlar miqdorining yuqoriligi bo‘yicha muammoni bartaraf etish;
– Hududda faoliyat olib borayotgan AYOQShlarda suyultirilgan gaz narxining sun’iy oshirilishi holatlarining oldini olish;
– Dorixonalarda farmatsevtika mahsulotlarini referent narxlar asosida sotish tizimida ayrim kamchiliklar;
– Ko‘p qavatli turar joydan uy sotib olish jarayonida shartnoma shartlarida iste’molchini qiyin ahvolga solib qo‘yadigan talablar yuzasidan;
– Qo‘mita faoliyatining asosiy vazifalari nimalardan iborat ekanligini qisqa roliklar orqali OAVlarda keng targ‘ib qilish;
– Tenderlarda til biriktirish holatlarining oldini olish maqsadida davlat xaridlariga qo‘yiladigan mezon va talablarni takomillashtirish uchun qilgan murojaat va takliflari qabul qilinib, ularni tegishliligi bo‘yicha hal etish hamda boshqa masalalarni mas’ul davlat tashkilotlari bilan birgalikda o‘rganish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, tadbir davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar va ularning targ‘iboti darajasi past qamrovda ekanligi va bu yuzasidan Sirdaryo viloyatida tegishli chora-tadbirlarni kuchaytirish, bu kabi seminar, targ‘ibot ishlarini ko‘proq amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ochiq muloqot davomida Qo‘mitaning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tgan 2025-yil yakunlari va 2026-yil I-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tildi.
Ochiq muloqot tanqidiy va o‘zaro muhokamalar ruhida o‘tdi, unda mavjud muammolar atroflicha muhokama qilinib, sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan ishtirokchilar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida: Qo‘mitaning Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga 2025 -yil yakunlari bo‘yicha jami 1200 ga yaqin va 2026-yil I-choragi davomida 300 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlar va o‘rganish ishlari natijasida, 2025-yil davomida 550 mingdan ortiq iste’molchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga 12 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Shuningdek, 2026-yilning I-choragida esa 40 mingga yaqin iste’molchilar manfaati himoya qilinib, ular foydasiga 2,4 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.








