Joriy yilning 8-9-mart kunlari AQShning Florida shtati, Boka Raton shahrida AQSh Tovar fyucherslari savdosi bo‘yicha komissiyasi (CFTC) tomonidan tashkil etilgan Xalqaro tartibga soluvchi organlar uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
👥Mazkur uchrashuv xalqaro moliya va tovar bozorlarini tartibga solish sohasida faoliyat yurituvchi regulyatorlar o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, unda 15 dan ortiq davlatlardan 40 dan ziyod xalqaro regulyator tashkilotlar vakillari, jumladan AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada va Singapur kabi davlatlarning fyuchers bozorlarini tartibga soluvchi organlari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida muhokama qilingan asosiy mavzular:
✅ Regulyator siyosatini modernizatsiya qilish: nazorat va tartibga solishni zamonaviy iqtisodiy talablarga moslashtirish, innovatsiya va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish;
✅ Raqamli aktivlar bozori: transchegaraviy operatsiyalar, xavf-xatarlar va bozor shaffofligi;
✅ O‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotlar (SRO): global integratsiya va investorlar manfaatlarini himoya qilish;
✅ Markaziy kliring tashkilotlari (CCP): kliring institutlarini barqaror nazorat qilish va dolzarb vazifalar.
Mazkur xalqaro uchrashuv tovar va moliya bozorlarini tartibga solish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish, sohadagi zamonaviy yondashuvlar bilan tanishish hamda O‘zbekiston va xorijiy regulyator tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qildi.








