Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali qabul qilingan murojaatlar tafsilotlaridan
Qo‘mita tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Anglesey Food” MChJ (“Korzinka” savdo do‘konlar tarmog‘i) tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan tushayotgan murojaatlar o‘rganib, ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, ushbu murojaatlarda “Korzinka” savdo shoxobchalarda oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlarining sifati, xaridlarni amalga oshirish, keshbeklar, narxlarning savdo rastasi va kassadagi farqlari va buyurtma xizmatlari bo‘yicha shikoyatlar qilingan.
Murojaatlar bo‘yicha misollar:
🔘Qo‘mita “Korzinka”ning Yangihayot tuman filialida o‘tkazilayotgan chegirmalar va ulardagi narxlarning nomutanosibligi yuzasidan fuqarodan tushgan murojaatni o‘rganib chiqdi. Xususan, o‘rganishlarda “Chortoq” suvi bo‘yicha xarid davomida iste’molchiga chegirma haqida o‘z vaqtida to‘liq ma’lumot taqdim etilmagani bois kassa oldida muammo yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan “Korzinka” xodimlariga suv mahsulotlarining qadoq turi, o‘lchami va hajmiga qarab turlicha narxlarda ekanligi, aynan aksiyadagi tovarlarga belgilangan narxnomalarni ajratgan holda turishini ta’minlash va muntazam nazorat qilish hamda xaridorlarni qiziqtirgan savollariga to‘liq javob berish zarurligi yuzasidan qat’iy tushuntirish ishlari o‘tkazildi.
🔘“Korzinka” xodimi tomonidan xizmat davomida fuqaroga qo‘pol muomalada bo‘lingani yuzasidan tushgan murojaat o‘rganilganda savdo shoxobchasi xodimi tomonidan xaridorga mahsulotni aniq, puliga yarasha vaznlab tortib bermagan va takroran xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi.
Savdo qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘ygan salat bo‘limi xodimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlar yuzaga kelmasligi uchun barcha sotuvchi xodimlar o‘rtasida suhbat o‘tkazildi.
🔘Asaka tumanida joylashgan “Korzinka” savdo markazida xarid vaqtida mahsulotlar uchun ikki barobar mablag‘ yechib olingani yuzasidan tushgan murojaat o‘rganilganda tovarlarni skaner qurilmasi orqali o‘tkazish vaqtida texnik xatoga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgani aniqlangan.
Savdo shoxobchasi ichki tartib-qoidalari asosida ushbu xodimga ogohlantirish chorasi qo‘llangan va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun barcha xodimlar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, texnik xatolik tufayli ortiqcha yechib olingan mablag‘ iste’molchiga to‘liq qaytarilishi ta’minlangan.
🔘Qo‘mitaga ijtimoiy tarmoq orqali «Korzinka”-(Boshliq) savdo shoxobchasida olingan mahsulotlar uchun ikki marta pul yechib olingani va go‘shtli qiyma mahsuloti hamda xarid qilinmagan pishloq mahsuloti uchun to‘lov olingani” yuzasidan fuqaroning murojaati qoldirilgan.
O‘rganishlarda haqiqatan ham kofe mahsuloti uchun ikki marotaba to‘lov amalga oshirilgani, shuningdek, pishloq mahsuloti xarid qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida savdo shoxobchasining barcha kassir xodimlariga mijozlar bilan ishlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi hamda tomonidan xaridordan uzr so‘ragan holda ortiqcha mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Qo‘mitaga ijtimoiy tarmoq orqali “Korzinka” savdo markazidan xarid vaqtida olinmagan mahsulotlariga pul yechib olingani yuzasidan fuqarodan murojaat kelib tushgan.
Olib borilgan o‘rganishlarda savdo markazida stajyor kassir xodimi tomonidan xatolikka yo‘l qo‘yilib, ortiqcha 48 ming so‘mga yaqin pul hisob-kitobi qilingan ma’lum bo‘ldi. Savdo shoxobchasi rahbariyati tomonidan mazkur xodimga savdo qoidalari haqida tushuntirishlar berildi. Natijada ortiqcha olingan pul xaridorga qaytarilishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun. Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2025-yil davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali 1.5 mingga yaqin turli yo‘nalishlarga oid murojaatlar qabul qilinib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.








