Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan murojaatlar ham doimiy nazoratda o‘rganilib ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlar orqali qoldirilgan 100 dan ortiq murojaatlarda “Uzum Market” MChJ XK tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarda: ilovalarning yaxshi ishlamasligi, buyurtmalarni muddatida yetkazmaslik yoki unda xatolikka yo‘l qo‘yilayotgani, yetkazilgan tovarlardagi nuqsonlar va shartnomalarni bekor qilishdagi muammolar bildirilgan. Ushbu holatlar Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.
Jumladan,
🟠Noto‘g‘ri mahsulot yetkazilgan holat bo‘yicha fuqaroga pul qaytarildi
Qo‘mita “Uzum Market” orqali “MacBook M3 8/512” noutbukka pul to‘lab buyurtma qilgan, ammo unga boshqa tovar yetkazilgani haqidagi murojaatni o‘rgandi. Aniqlanishicha, mahsulot narxi noto‘g‘ri ko‘rsatilgani muammoga sabab bo‘lgan. Fuqaroga arzonroq tovar taklif etilgan yoki pulini qaytarish bildirilgan. O‘rganish natijasida unga to‘langan 16 mln 450 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🟠1-guruh nogironligi bo‘lgan fuqaroga nogironlik aravasi yetkazildi
Qo‘mita ijtimoiy himoya agentligi tomonidan vaucher berilganiga qaramay, fuqaroga nogironlik aravasi yetkazilmayotgani yuzasidan murojaatni ko‘rib chiqdi. Buyurtma bir necha marta sababsiz bekor qilingani va faqat 15 ming so‘mlik promokod berilgani aniqlandi. O‘rganish natijasida arava “Uzum Market” tomonidan yetkazib berilishi ta’minlandi.
🟠Fuqaroga nosoz changyutgichni to‘lovi qaytarildi
Qo‘mitaga qoldirilgan murojaatda “Uzum Market”dan onlayn xarid qilingan changyutgich nosozligi sabab fuqaro shartnomani bekor qilish va to‘lovni qaytarishni so‘ragan. O‘rganishlar asosida shartnoma bekor qilinib, 1 mln 170 ming so‘mdan ortiq mablag‘ fuqaroga qaytarildi.
🟠Kechikkan buyurtma masalasi hal etildi
Qo‘mita fuqaroning 3 ta mahsulotdan iborat buyurtmasi belgilangan muddatda yetkazilmagani bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi. Changyutgich, uyali telefon va boshqa tovarlar 4 kun kechiktirilgani aniqlanib, “Uzum Market” tomonidan ularning yetkazilishi ta’minlandi.
🟠Payvandlash uskunasi bo‘yicha muammo bartaraf etildi
Qo‘mita fuqaro sotib olingan payvandlash uskunasi reklamasi va amaldagi texnik imkoniyatlari o‘rtasida farqi borligi aniqlangan. O‘rganishdan so‘ng 860 ming so‘mlik to‘lov “Uzum Market” tomonidan to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
🟠Fuqaroga to‘g‘ri o‘lchamdagi kiyimlar yetkazib berildi
Buyurtma qilingan cho‘milish kiyimlari o‘lchami mos kelmagani sabab qaytarilgan. Qo‘mita so‘rovi asosida holat o‘rganilib, fuqaroga o‘z vaqtida to‘g‘ri o‘lchamdagi tovar qayta yetkazib berildi.
🟠Ikki marta yechilgan to‘lov xaridorni sim kartasiga o‘tkazildi
Qo‘mita murojaat asosida olib borgan o‘rganishlarida fuqaroning kartasidan bir xarid uchun ikki marta mablag‘ yechilgani aniqlandi. O‘rganish natijasida asossiz yechilgan 51 600 so‘m xaridorga qaytarildi.
🟠Poyabzal uchun to‘langan mablag‘ to‘liq qaytarildi
Qo‘mitaga ayollar poyabzali o‘lchami mos kelmagani, uni almashtirishdagi muammo yuzasidan murojaat kelib tushgan. Murojaat o‘rganilib, 165 000 so‘m iste’molchiga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🟠Nosoz kondisioner to‘lovi iste’molchiga undirib berildi
Qo‘mita fuqaroning xarid qilgan “Aux” kondisioneri xonadoniga mos kelmagani uchun qaytargan, ammo puli o‘z vaqtida ololmayotgani yuzasida murojaatni o‘rganib chiqdi. O‘rganishlardan so‘ng 4 mln so‘mga yaqin mablag‘ fuqaroga to‘liq undirib berilishi ta’minlandi.
Hurmatli iste’molchilar!
Raqobat qo‘mitasi raqamli platformalar orqali mahsulot buyurtma qilishda va obunalarni faollashtirishda xizmat shartlari, qaytarish va hisob-kitob tartiblari bilan to‘liq tanishib chiqishingizni tavsiya etadi. Bu sizni turli xil vaziyatlarda noqulay holatlardan himoya qilishga xizmat qilishini unutmang!








