Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan batafsil o‘rganilib, ijobiy hal etilmoqda.
Murojaatlarni hal etish jarayonida fuqarolar manfaati ustuvor ahamiyat kasb etayotgani natijasida ko‘plab masalalar o‘z yechimini topmoqda. Bu esa qo‘mita faoliyatining ochiqligi va fuqarolar bilan muloqotning samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Jumladan, Respublikamizning hududlari kesimida
Andijon viloyati
Fuqaro T.D. ijtimoiy tarmoqlardagi reklama orqali “EUPHORIA GROUP” kompaniyasidan “sustafleks” nomli mahsulotni 647 ming so‘mga sotib olgan. Agarda mahsulot sifatsiz bo‘lsa, qaytarish sharti belgilangan shartnoma asosida xarid qilgan edi. Iste’molchi mahsulotni ishlatgandan so‘ng, undan samara olmagan va xarid qilgan mablag‘ni qaytarish imkoni bo‘lmaganligi sababli hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, fuqaroga 647 ming miqdoridagi mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati
G‘allaorol tumani fuqarosi M.O. nomidan “Ipoteka bank”ga 5 ta (10 mln so‘mlik) onlayn va offlayn kredit arizalari noqonuniy yuborilgan. Fuqaro bu arizalarni o‘chirishni so‘ragan, ammo bank faqat onlayn arizalarni o‘chira olishini bildirgan. Muammo to‘liq hal etilmayotganidan norozi bo‘lgan fuqaro hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, fuqaroning murojaati ijobiy hal etilishi ta’minlandi.
Navoiy viloyati
Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro M.A. “Ipoteka bank” ATB orqali imtihon uchun to‘langan to‘lovi boshqa hisob raqamga o‘tib ketganligi va ushbu to‘lovni qaytarish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, fuqaro tomonidan qilingan to‘lovlar bank tomonidan to‘liqligicha qaytarilishi ta’minlandi.
Toshkent viloyati
Fuqaro “G‘azna” ilovasi orqali TBC bankka o‘tkazib berilgan 425 ming so‘m miqdordagi pul o‘tmay qolgani va murojaat qilinganda faqat 200 ming so‘m pul qaytarib berilganligidan norozilik bildirib, qolgan mablag‘ni qaytarib olish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, bank tomonidan fuqaroga 225 ming miqdoridagi mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.








