Raqobat qo‘mitasiga sug‘urta kompaniyalari hamda savdo xizmatlaridan norozilik bildirgan murojaatlari o‘rganilishi natijasida fuqarolarning huquqiy manfaatlari himoya qilinmoqda
Murojaatlar yechimi hududlar kesimida
Toshkent shahar Hududiy boshqarmaga Sergeli tumanida yashovchi fuqaro G‘.S.ning kelib tushgan murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro yo‘l-transport hodisasiga uchragani, biroq sug‘urta kompaniyasi tomonidan yetkazilgan zarar qoplab berilmagani bildirilib, ushbu holat bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganishlar natijasida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga asosan “Apex Insurance” AJ tomonidan YTHda yetkazilgan zarar to‘liq qoplab berilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyat Hududiy boshqarmaga Zarbdor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro H.H. “My insurance” AJ sug‘urta kompaniyasi faoliyatidan (harakatidan) norozi bo‘lib murojaat qildi.
Murojaatda fuqaro “Agrobank” ATB Zarbdor filialidan olgan bank kreditini “My insurance” AJ sug‘urta kompaniyasi orqali sug‘urta qildirgani, mazkur kredit mablag‘ini muddatidan oldin yopgan bo‘lsa-da, kompaniya fuqaroning foydalanilmagan kunlari uchun sug‘urta mukofotini to‘lamayotganidan shikoyat qilgan.
O‘rganish natijasida “My insurance” AJ sug‘urta kompaniyasi tomonidan 1 mln 775 ming so‘mdan ortiq miqdordagi foydalanilmagan sug‘urta mukofoti fuqaroning bank plastik kartasiga to‘lab berilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati Hududiy boshqarma fuqaro T.H. tomonidan kelib tushgan murojaatni o‘rganib chiqqanida “Isuzu” rusumli avtomashinasi yo‘l-transport hodisasiga uchragani, “Xalq sug‘urta” AJga bir necha marotaba murojaat qilishiga qaramasdan sug‘urta tovoni to‘lanmaganligi sababli ushbu masalada amaliy yordam so‘ralgan.
Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida, “Xalq sug‘urta” AJ tomonidan yetkazilgan 58 mln 84 ming so‘mga yaqin miqdordagi zarar avtomashina egasiga to‘lab berilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati Hududiy boshqarmaga Qo‘shtepa tumanida yashovchi I.Z. “Palma kredit” do‘konidan bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan telefonining IMEI kodi rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagani va bu muammo sotuvchi tomonidan hal bo‘lmagani uchun murojaatini qoldirgan.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida savdo do‘koni tomonidan IMEI kod rasmiylashtirilib, fuqaroning muammosi hal etilishi ta’minlandi.