Raqobat qo‘mitasi tomonidan xorijga viza olish va ishga jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi subyektlar haqidagi reklama-axborotlar bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda ijtimoiy tarmoqlardagi @iwash_tashkent sahifasini yurituvchi bloger O.Jo‘rayev hamda @abdurahmonmufid sahifasini yurituvchi bloger A.Abduraxmonovlar tomonidan “ADWORLD GROUP” MChJ faoliyatiga oid xorijga ishga yuborish xizmatlari haqida reklama-axborotlarini joylashtirib, fuqarolarga konsalting xizmatlari emas, aynan xorijga ishlash uchun yuborish bo‘yicha xizmatlar bilan shug‘ullanib kelayotganligi reklama qilinganligi aniqlandi.
O‘z navbatida, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq, xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlari ularda O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda taqdim etilishi belgilangan.
Bunda, tegishli litsenziyasiz xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasida ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z bloglarini yurituvchi fuqarolar O.Jo‘rayev va A.Abduraxmonovlarga nisbatan qonun buzilish holati bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.