Raqobat qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan insofsiz raqobat, davlat xaridlari va noturar joylarni xarid qilish borasida yuzaga kelgan muammoli murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
Murojaatlar yechimi hududlar kesimida:
Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga “Chososream” MChJ Samarqand shahridagi “Mexmet Sweats” OK tomonidan “JAMMIE DODGERS” va “ZAVARIKI” nomi bilan “Chococream” MChJga tegishli bo‘lgan “SLADOK” tovar belgisi bilan chiqarilayotgan mahsulotga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarib sotayotganligi yuzasidan murojaat qilib, tegishli chora ko‘rish so‘ralgan.
O‘rganishlarda “Chososream” MChJ tomonidan “SLADOK” tovar belgisi bilan chiqarilayotgan “Glazurli pechenye” mahsulot sanoat namunasi sifatida 2019-yil 16-aprelda “Intellektual mulk agentligi” tomonidan tegishli tartibda patentlangani aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, maxsus komissiya tomonidan “Mexmet Sweats” OKga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 21-moddasining birinchi qismi talablari buzilishi holatlari bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonun buzilishni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaroning noturar bino xarid qilish uchun “Ark buloq karvonsaroyi” MChJ bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinganiga qaramay, kelishuvga asosan oylik to‘lovlar qaytarilishi amalga oshirilmayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgan. “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga muvofiq, iste’molchining huquqlari buzilgani aniqlandi. Ko‘rilgan choralar natijasida MChJ tomonidan murojaatchiga 25 mln so‘m qaytarilishi ta’minlandi va o‘zaro kelishuvga asosan qolgan summalar ham berib boriladi.
Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda monopoliyaga qarshi organ roziligini olish bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. O‘rganish jarayonida “Navoiy dori-darmon”AJ tomonidan oldindan rozilik olmasdan “Avetsina grand” MChJni tashkil etgani va jamiyatning 100 foizlik ta’sischisiga aylanganligi aniqlandi.
Bu holat maxsus komissiya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va tegishli qaror talablarini buzish deb topilib, korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va qonunbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Romitan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tender “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlari talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida ayrim ishtirokchilar tender talablariga to‘liq javob bermasligiga qaramay, xarid komissiyasi tomonidan baholashda nomutanosiblikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Natijada, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi buzilganlik alomatlari qayd etildi va maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atilib, Romitan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga tegishli ko‘rsatma berildi.