Raqobat qo‘mitasi tomonidan savdo xizmatlari bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan,
Andijon viloyati
Fuqaro A.A. hududiy boshqarmaga qilgan murojaatida yashash xonadoniga ikki shaxsiy hisob raqam biriktirilganligi sababli asossiz qarzdorlik yuzaga kelganligini ma’lum qilgan.
Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan qarzdorlik bekor qilinib, iste’molchining buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati
Fuqaro X.Tilavova hududiy boshqarmaga murojaat qilib, “Mikrokreditbank” ATBga tegishli bankomatdan 2 million so‘m naqd pul yechishga uringanini, biroq bankomat pulni bermaganini, shu bilan birga kartadan ushbu summa yechilganini ma’lum qilgan. Mutaxassislar tomonidan holat o‘rganilib, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan olib borilgan choralar natijasida bank tomonidan fuqaroga 2 million so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Jizzax viloyati
Fuqaro B.I. Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilib, “Hayot bobo avlodlari” oziq-ovqat do‘konidagi xarid vaqtida birinchi kartasidan pul yechilmagan deb o‘ylab, ikkinchi kartasidan ham 440 ming so‘m to‘lov qilgan. Keyinchalik bank ma’lumotlaridan aniqlanishicha, birinchi kartadan ham ushbu summa yechilgan. Hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish olib borilib, ortiqcha yechilgan 440 ming so‘m mablag‘ murojaatchiga to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Navoiy viloyati
Fuqaro F.B. “Billur avto savdo Navoiy” MChJdan xarid qilgan “DAMAS 2” avtomashinasi uzatmalar qutisidagi nosozlik sababli Raqobat qo‘mitasiga murojaat yo‘llagan. Murojaat Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, avtomashina diagnostikadan o‘tkazildi va aniqlangan nosozlik avtosalon tomonidan bartaraf etilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro X.B. murojaat qilib, savdo do‘konidan xarid qilgan videokuzatuv kamerasi sifatsiz va nosoz ekanligini bildirgan hamda uni soz holdagi mahsulotga almashtirishda yoki pulni qaytarishda amaliy yordam so‘ragan. Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan murojaat o‘rganilib, do‘kon xodimlariga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari tushuntirildi. Natijada, fuqaroga sifatsiz kameraning o‘rniga ishlashga yaroqli yangi kamera taqdim etilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati
Quvasoy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.E. “Munis mebel” do‘konidan muddatli to‘lovga 2,4 mln so‘mlik skuter sotib olgan, biroq ko‘p vaqt o‘tmay texnik vosita nosozligi aniqlangan.
Hududiy boshqarma tomonidan masala o‘rganilib, nosoz texnika yangi, ishlashga yaroqli skuterga almashtirib berildi.
Fuqaro Sh.A. “Rendo” xususiy qurilish kompaniyasi bilan uyini ta’mirlash bo‘yicha tuzgan 46 000 AQSh dollarlik shartnoma bo‘yicha firma o‘z xizmati uchun 10–15% ish haqi olishi kerak edi, ammo amalda 20%dan ortiq mablag‘ ushlab qolgan. Boshqarma mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va huquqiy tahlillar natijasida “Rendo” firmasi tomonidan ortiqcha undirilgan 30 million so‘m mablag‘ fuqaroga qaytarib berilishi ta’minlandi.